O‘zbekiston poytaxtida TASHKENT TECH nomli yangi zamonaviy texnika universiteti tashkil etiladi. Loyiha Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Kecha universitetni tashkil etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yangi universitet O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi doirasida Toshkent davlat texnika universiteti negizida ishlab chiqiladi va oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim elementiga aylanadi. Uning asosiy maqsadi muhandislarning yangi avlodini tayyorlash va yoshlar o‘rtasida texnik mutaxassisliklarning jozibadorligini oshirishdan iborat.
TASHKENT TECH kontseptsiyasi Boston Consulting Group xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Ushbu hamkorlik ilg‘or xalqaro standartlar, innovatsion o‘qitish usullari va samarali boshqaruv modellarini ta’lim jarayoniga integratsiyalashga yordam beradi.
"Bizning strategik maqsadimiz - jahon standartlariga javob beradigan yangi formatdagi texnik universitet yaratish. Ishonchim komilki, TASHKENT TECH nafaqat universitet, balki Oʻzbekistonning texnologik suvereniteti va barqaror sanoat oʻsishi uchun harakatlantiruvchi kuch boʻladi", - dedi Saida Mirziyoyeva.
TASHKENT TECH yuqori malakali texnik kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi institut, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish platformasi hamda mamlakat muhandislik salohiyatini shakllantirishning muhim elementiga aylanishi kutilmoqda.