29–30 noyabr kunlari Tashkent University of Technology (Tashkent Tech) “Foundations” dasturida ishtirok etish uchun tanlov test sinovlarini o‘tkazdi. “Foundations” — 11-sinf o‘quvchilari uchun matematika va fizikadan bepul tayyorlov kursi bo‘lib, uning maqsadi — STEM yo‘nalishidagi asosiy bilimlarni mustahkamlash va abituriyentlarni universitet ta’limiga tayyorlashdir.
Test sinovlarida 200 dan ortiq nomzod ishtirok etib, dasturga bo‘lgan katta qiziqishlari va o‘qishni tezroq boshlash istaklarini namoyon etdilar. “Foundations” dasturi o‘zbek va rus tillarida olib boriladi, bu esa mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan motivatsiyasi yuqori o‘quvchilar uchun keng imkoniyat yaratadi.
Kurs materiallari va tuzilmasi STEM dasturlarini yaratish va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega xalqaro universitet – Constructor University (Germaniya) jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan. Dasturda zamonaviy o‘qitish usullari, amaliy mashg‘ulotlar va muhandislik tafakkurini rivojlantirishga qaratilgan yondashuv birlashtirilgan.
Tashkent Tech rektori Adham Xudayqulovning so‘zlariga ko‘ra, dasturning ishga tushirilishi universitet uchun strategik ahamiyatga ega:
«Tashkent Tech 5, 10 va hatto 15 yildan keyin talab qilinadigan mutaxassisliklar bo‘yicha yangi avlod muhandislarini tayyorlashni maqsad qilgan. Maktab o‘quvchilari STEM yo‘nalishlarida qanchalik erta tizimli tayyorgarlikni boshlasalar, universitet ta’limiga shunchalik tez moslashadi va kelajak kasbini ongli ravishda tanlaydi. “Foundations” dasturi — ana shu yo‘nalishdagi birinchi qadam. O‘quvchilar o‘rtasidagi bunday yuqori qiziqish bizni quvontiradi» - deb qayd etdilar.
Constructor University’ning iqtidorli yoshlar bilan ishlash dasturlari direktori Olga Kornienko esa erta kasbiy yo‘naltirish va texnik fanlarni chuqur o‘rganishning ahamiyatini qo‘shimcha qilib:
"Maktab o‘quvchilarida STEM fanlariga qiziqishni kuchaytirish orqali biz muhandislik va texnologiya sohalarida kelajakdagi muvaffaqiyatlar uchun poydevor yaratmoqdamiz. Tashkent Tech bilan hamkorlik qilishdan va O‘zbekistonda STEM ta’limining rivojlantirishga hissa qo‘shishdan mamnunmiz » - deb aytdilar.
“Foundations” dasturining yaratilishi Tashkent Tech universitetining missiyasini aks ettiradi — mamlakatda kelajak texnologik iqtisodiyoti ehtiyojlariga javob beroladigan zamonaviy muhandislik ta’lim ekotizimini shakllantirish. Milliy va xalqaro mehnat bozori tadqiqotlari shuni tasdiqlaydiki, STEM bo‘yicha maqsadli tayyorgarlik qanchalik erta boshlansa, talabalarning muhandislik dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlashlari, innovatsion loyihalarda o‘zlarini ko‘rsatishlari va yuqori texnologiyali sohalarda martaba qurish imkoniyatlari shunchalik yuqori bo‘ladi.
“Foundations” dasturining boshlanishi Tashkent Tech rivojida muhim bosqich boʻladi va oʻquvchilarda mamlakatning kelgusi oʻn yilliklarda rivojlanishini shakllantiradigan texnik sohalarga doimiy qiziqishlarini oshirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.