2026-yil 26-yanvar kuni “ToshTech” universitetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.A. Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Rustamovich Fozilkarimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori G.S. Ismailova hamda boshqa tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar. Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zenergoinjiniring” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ rahbarlari ham marosimda qatnashdilar. Xorijiy hamkorlardan Germaniyaning Bremen universiteti va AQSHning Boston Consulting Group vakillari ishtirok etdilar.
Tantanali marosim doirasida faxriy mehmonlar ramziy qizil lentani kesib universitet faoliyatiga rasman start berdilar.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “ToshTech” texnik universiteti hamda Boston Consulting Group o‘rtasida “2026-yilga mo‘ljallangan YO‘L XARITASI” imzolandi.
Shuningdek, universitet O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ va “O‘zenergoinjiniring” AJ kabi sanoat korxonalari bilan anglashuv memorandumlarini imzoladi. Ushbu hamkorlik talabalar uchun amaliyot o‘tash, stajirovka, qo‘shma loyihalarda ishtirok etish va kafolatlangan ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini ochib beradi.
“ToshTech” — bu shunchaki ta’lim muassasasi emas, balki g‘oyalar tug‘iladigan, jamoalar shakllanadigan va nazariya innovatsion texnologiyalarga aylanadigan muhandislik ekotizimidir. Universitet O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning uzoq muddatli iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.