2026-yil 18-fevral kuni Tashkent University of Technology (ToshTech) delegatsiyasining Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi texnika universitetlaridan biri — Politecnico di Milano rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasi ikki universitet o‘rtasida uzoq muddatli akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi bo‘ldi.
Uchrashuvda ToshTech rektori, professor Adham Xudaykulov, xalqaro hamkorlik ofisi vakili Polat Jo’rayev, shuningdek Boston Consulting Group kompaniyasidan Pavel Zolotaryov ishtirok etdi.
Politecnico di Milano tomonidan uchrashuvda rektor Donatella Shuto, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor professor Ilaria Valente hamda professor-o‘qituvchilar tarkibi vakillari qatnashdi.
Ta’kidlash joizki, 1863-yilda tashkil etilgan Politecnico di Milano Italiyadagi eng yirik texnika universiteti va dunyodagi eng nufuzli muhandislik oliygohlaridan biridir.
QS World University Rankings 2025 reytingiga ko‘ra, universitet Italiyada 1-o‘rinni va dunyo bo‘yicha 98-o‘rinni egallaydi. Fan yo‘nalishlari bo‘yicha QS reytinglarida u Engineering & Technology yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning yetakchi universitetlari qatoriga kiradi, shuningdek Civil & Structural Engineering, Electrical & Electronic Engineering, Mechanical Engineering, Data Science & Artificial Intelligence va boshqa ko‘plab muhandislik yo‘nalishlarida yuqori o‘rinlarni egallaydi.
Uchrashuv davomida tomonlar kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar, jumladan: talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik mobilligi; qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish; qo‘shma ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish; transmilliy ta’lim dasturlarini rivojlantirish; stajirovkalar, yozgi maktablar va ilmiy tashabbuslarni tashkil etish; xalqaro grant va sanoat loyihalarida ishtirok etish.