ToshTech universitetining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

10 fevral 2026
240

2026-yil 26-yanvar kuni “ToshTech” Universitetining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari O.R. Fozilkarimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi Ijrochi direktori G.S. Ismailova hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

Shuningdek, marosimda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zenergoinjiniring” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbek metallurgiya kombinati” AJ va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ rahbarlari ham qatnashdilar. Xorijiy hamkorlar, jumladan, Germaniyaning Bremen universiteti va AQShning Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasi vakillari ham tadbirda ishtirok etdilar.

Marosim davomida faxriy mehmonlar ramziy qizil lentani kesib, universitet faoliyatiga rasman start berdilar.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “ToshTech” Texnika universiteti hamda Boston Consulting Group (BCG) o‘rtasida “2026-yil uchun ROADMAP” hujjati imzolandi.

Shuningdek, universitet O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi, shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbek metallurgiya kombinati” AJ va “O‘zenergoinjiniring” AJ kabi sanoat korxonalari bilan o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi.

Mazkur hamkorlik talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar va stajirovkalarda ishtirok etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda kafolatlangan ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini yaratadi.

“ToshTech” shunchaki ta’lim muassasasi emas, balki g‘oyalar yuzaga keladigan, jamoalar shakllanadigan va nazariya innovatsion texnologiyalarga aylantiriladigan muhandislik ekotizimidir. Universitet O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining uzoq muddatli iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilish maqsadida tashkil etilgan.