20-dekabr kuni Toshkent Texnika Universitetida (Tashkent Tech University) Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi. Unda 300 dan ortiq ishtirokchi — abituriyentlar, akademik litseylar, texnikumlar va umumta’lim maktablari o‘quvchilari, shuningdek, ularning ota-onalari qatnashdi. Tadbir universitet, uning infratuzilmasi, ta’lim dasturlari va professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan yaqindan tanishish uchun muhim platformaga aylandi.
Ochiq eshiklar kuni doirasida universitetning rasmiy taqdimoti o‘tkazilib, unda Tashkent Tech universitetining missiyasi, strategik maqsadlari hamda mamlakatda texnik ta’limni rivojlantirishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, ACWA Power hamda xalqaro konsalting kompaniyasi Boston Consulting Group (BCG) vakillarining chiqishlari abituriyentlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular muhandislik kadrlariga bo‘lgan talabning ortib borayotgani hamda ta’limning iqtisodiyot tarmoqlari bilan uzviy bog‘liqligi muhimligini ta’kidladilar.
Tadbir doirasida abituriyentlar uchun maxsus Foundation dasturi (tayyorlov kursi) ham taqdim etildi. Mazkur dastur bo‘lajak talabalarga universitetdagi ta’lim formatiga moslashish, asosiy fanlar bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash va mutaxassislik tanlash bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi. Ishtirokchilarning ko‘pligi ushbu dasturga bo‘lgan qiziqish va ehtiyoj yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
Tadbir kuni Foundation dasturi doirasida birinchi tanishtiruv darsi ham o‘tkazildi. Unda ishtirokchilarga ta’lim jarayonining formati, talablar hamda bakalavriat ta’lim dasturlariga qabul imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Bu bo‘lajak talabalarga universitet muhitini va ta’lim berish darajasini amaliy tarzda his qilish imkonini berdi.
Toshkent Texnika Universitetida o‘tkazilgan Ochiq eshiklar kuni yoshlarning texnik ta’limga bo‘lgan katta qiziqishini namoyish etdi hamda universitetning zamonaviy, istiqbolli va jadal rivojlanayotgan, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga yo‘naltirilgan ta’lim muassasasi sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqladi.
English
Uzbek
Russian