ToshTech texnika universitetida “Tashkent Tech Foundation” tayyorlov kurslarining bitiruvchilari tantanali ravishda taqdirlandi

6 iyul 2026
11

25.06.2026 kuni ToshTech texnika universitetida “Tashkent Tech Foundation” tayyorlov kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan abituriyentlarning tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Besh oy davomida ToshTech texnika universiteti Constructor Talent School bilan hamkorlikda 11-sinf o‘quvchilari hamda akademik litsey va kollej bitiruvchilari uchun tayyorlov kurslarini tashkil etdi. Dastur doirasida universitet professor-o‘qituvchilari matematika, fizika va ingliz tili fanlaridan darslar olib bordi.

Mazkur davr mobaynida 300 nafardan ortiq abituriyent ta’lim oldi. Ularning 140 nafari yakuniy bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib, “Tashkent Tech Foundation” dasturini tamomladi.
Tantanali marosimda bitiruvchilarga dasturni yakunlaganliklarini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.

Shuningdek, tayyorlov kurslarini yuqori natijalar bilan tamomlagan va ToshTech texnika universitetining bakalavriat ta’lim dasturlariga avtomatik ravishda qabul qilingan 27 nafar abituriyent tantanali ravishda taqdirlandi.

Marosimni universitet rektori vazifasini bajaruvchi Farangis Yusupiy ochib berdi. U dastur yakunlari haqida so‘z yuritib, bitiruvchilarni samimiy tabrikladi hamda ularga kelgusidagi ta’lim va faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbirda Boston Consulting Group’ning (BCG) O‘zbekistondagi ijrochi direktori Igor Alekseyev ham so‘zga chiqib, bitiruvchilarga ezgu tilaklar bildirdi va universitet bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.

BCG vakili Pavel Zolotorev “Tashkent Tech” loyihasining yoshlar salohiyatini rivojlantirishdagi muhim o‘rnini alohida qayd etdi.

Hamkor universitet – Constructor University vakili Vladimir Sharich esa ToshTech bilan birgalikda amalga oshirilgan loyiha natijalarini yuqori baholab, xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi va bitiruvchilarga omad tiladi.

ToshTech texnika universiteti barcha bitiruvchilarni “Tashkent Tech Foundation” dasturini muvaffaqiyatli tamomlagani bilan chin dildan tabriklaydi va ularga yangi zafarlar, yuksak marralar hamda porloq kelajak tilaydi!