Oʻzbekistonda zamonaviy muhandis kadrlar salohiyatini oshirish hamda yoshlarni sifatli oliy taʼlimga keng jalb etish maqsadida Toshkent Tech Universiteti vakillari Jizzax viloyatida targʻibot va taqdimot tadbirlarini oʻtkazdi.
Tashrif davomida universitet jamoasi Jizzax shahridagi Prezident maktabi hamda bir qator yirik oʻquv markazlarida boʻlib, oʻquvchilar, abituriyentlar va taʼlim muassasalari rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etdi. Uchrashuvlarda universitetning taʼlim yoʻnalishlari, zamonaviy oʻquv dasturlari, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari, grant va stipendiyalar, shuningdek, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, universitetga qabul jarayoni, taʼlim sifati va talabalar hayotiga oid savollarga javoblar berildi. Tashrif doirasida oʻquv markazlari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar tashkil etilib, yoshlarni muhandislik va texnologiyalar sohasiga yoʻnaltirish, istiqbolli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif Toshkent Tech Universitetining hududlardagi yoshlarni zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish, ularning oliy taʼlimga boʻlgan qiziqishini oshirish hamda mamlakatimiz uchun malakali muhandis kadrlar tayyorlash borasidagi tizimli faoliyatining navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.
English
Uzbek
Russian



