23–26-sentabr kunlari Qozog‘istonning O‘skemen shahrida D. Serikbayev East Kazakhstan Technical University mezbonligida CDIO Asia Regional Meeting 2026 bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda ToshTech texnika universiteti Energetika muhandisligi fakulteti dekani Mohammad Reza Bahrami ishtirok etib, mintaqadagi muhandislik ta’limini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim yondashuvlari, sanoat va oliy ta’lim hamkorligi hamda sun’iy intellektning ta’limdagi o‘rni bo‘yicha tajriba almashdi.
Tadbir davomida CDIO (Conceive, Design, Implement, Operate) yondashuviga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yondashuv talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, ularni muammolarni aniqlash, yechimlarni loyihalash, amalga oshirish va real sharoitlarda qo‘llashga tayyorlashni nazarda tutadi.
Shuningdek, talabalarni ta’limning dastlabki bosqichlaridanoq amaliy loyihalarga jalb etish, muhandislik tafakkurini rivojlantirish hamda sun’iy intellektdan fikrlash va ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi vosita sifatida foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida olingan ilg‘or tajribalar ToshTechda muhandislik ta’limini yanada takomillashtirish, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim muhitini rivojlantirish va zamonaviy kompetensiyalarga ega muhandislarni tayyorlashda qo‘llaniladi.
ToshTech xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni o‘quv jarayoniga joriy etish orqali muhandislik ta’limining yangi imkoniyatlarini izchil rivojlantirmoqda.
English
Uzbek
Russian