Tashkent Tech-da NIELIT o‘quv dasturi
Tashkent Tech universiteti Hindistonning Milliy elektronika va axborot texnologiyalari instituti (National Institute of Electronics & Information Technology) bilan hamkorlikda VLSI va yarim o‘tkazgich texnologiyalari bo‘yicha bepul kirish o‘quv dasturiga arizalar qabul qilishni boshladi. Mavzular: Raqamli elektronika, Linux, Vim, Tcl skriptlari va VLSI loyihalash asoslari. Davomiyligi: 3 kun, kuniga 2 soatdan — jami 6 soat. Format: Tashkent Tech kampusi orqali tashkil etiladigan jonli onlayn mashg‘ulotlar. Til: Ingliz tili. Talab: Kompyuterdan foydalanish bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalar. Kimlar ariza topshirishi mumkin? Bakalavriat va magistratura talabalari, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, muhandislar va soha mutaxassislari. Barcha qiziquvchilardan arizalar qabul qilinadi. Tanlov jarayoni Ishtirokchilar ularning motivatsiyasi hamda ariza shaklida taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tanlab olinadi. O‘quv mashg‘ulotlari jadvali va boshqa batafsil ma’lumotlar tanlab olingan ishtirokchilarga taqdim etiladi.
ToshTech talabasi universitet tomonidan taqdirlandi!
Robototexnika bo‘yicha FIRST Global Challenge 2026 xalqaro chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi safida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabamiz Ayubxon Miraxmedov universitet tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Ayubxonga “ToshTech” texnika universiteti nomidan 5 million so‘m pul mukofoti va noutbuk topshirildi. Bu e’tirof — talabamizning bilim, mehnat va intilishlariga berilgan yuksak baho hamda kelgusi yutuqlari uchun qo‘llab-quvvatlovdir. Ayubxonni yana bir bor tabriklaymiz va yangi marralarni zabt etishida muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Harbin Institute of Technology universiteti vakillari ToshTech texnika universitetiga tashrif buyurdi
2026-yil 20-oktabr kuni ToshTech texnika universitetiga Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Harbin Institute of Technology universiteti vakillari tashrif buyurdi. Mazkur universitet QS World University Rankings xalqaro reytingida 190-o‘rinni, «Muhandislik va texnologiyalar» yo‘nalishi bo‘yicha esa 56-o‘rinni egallagan. Tashrif doirasida ikki universitet vakillari ishtirokida tanishuv uchrashuvi tashkil etildi. Unda tomonlar universitetlarning faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, muhandislik ta’limi, ilmiy-tadqiqot faoliyati, akademik hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Tashrifning muhim qismi sifatida Harbin Institute of Technology universiteti professorlari ToshTech talabalari bilan uchrashib, ular uchun ma’ruzalar o‘tkazdilar. Ma’ruzalar talabalarning xalqaro tajribadan foydalanishi, zamonaviy muhandislik yutuqlari bilan tanishishi hamda kasbiy bilimlarini kengaytirishiga xizmat qildi.
“ToshTech” texnika universitetining Malayziyadagi xalqaro hamkorlik uchrashuvlari davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, “ToshTech” texnika universiteti Ilmiy tadqiqotlar markazi rahbari, professor Jasurjon Axatov Malayziyadagi xalqaro tashrif doirasida bir qator uchrashuvlarda ishtirok etdi. 16-oktabr kuni Universiti Sains Malaysia (USM) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi: — Universitetlar o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash; — Professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish; — Talabalar uchun xalqaro akademik almashinuv imkoniyatlarini yaratish. Muzokaralar yakunida dastlabki kelishuvlarga erishilib, “ToshTech” va Universiti Sains Malaysia rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi. Mazkur uchrashuv “ToshTech” texnika universitetining xalqaro akademik aloqalarini kengaytirish va muhandislik ta’limi sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
“TashTech” texnika universitetining Malayziyadagi xalqaro tashrifi davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, “ToshTech” texnika universiteti Ilmiy tadqiqotlar markazi rahbari, professor Jasurjon Axatov Malayziyada o‘tkazilayotgan Selangor International Business Summit 2026 doirasidagi xalqaro tadbirlarda ishtirok etmoqda. 15-oktabr kuni tashrif doirasida bir qator muhim uchrashuv va kelishuvlarga erishildi: - ASEM Academy va Great Asic bilan hamkorlik AiSEM@Selangor 2026 — Selangor AI & Semiconductor Summit ochilish marosimida “ToshTech” texnika universiteti hamda Malayziyaning ASEM Academy va Great Asic kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari (MoU) imzolandi. - Alphaswift kompaniyasi bilan uchrashuv Kompaniya vakillari bilan dronlar ishlab chiqarish va ushbu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. - University of Malaya bilan muzokaralar Universitetning muhandislik fakulteti dekani, professorlari va ilmiy tadqiqotlar markazi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlik kelishuvini imzolash masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida dastlabki kelishuvlarga erishilib, ikki universitet rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etish rejalashtirildi. Xalqaro sammit davom etmoqda. Uning doirasidagi navbatdagi uchrashuvlar va hamkorlik natijalari haqida ma’lumot berib boramiz.
TASHKENT TECH FOUNDATION’GA QABUL OCHILDI!
"ToshTech" Texnika universiteti huzuridagi Foundation dasturi orqali oliy ta’limga tayyorgarlik ko‘ring va bilimingizni yangi bosqichga olib chiqing! Dastur davlat granti asosida tashkil etiladi. 📚 Tayyorgarlik fanlari: 🟢 Matematika 🟢 Fizika 🟢 Ingliz tili 💯 100% BEPUL TA’LIM! ⏳ Qabul 3-noyabrgacha davom etadi! 📌 Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang — hoziroq ariza yuboring! 🌐 Sayt: www.tashtechfoundation.uz | @TASHTECHFOUNDATIONBOT📞 Telefon: +998 77 288 82 82
“ToshTech” texnika universiteti Malayziyadagi xalqaro sammitda ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan idoralararo delegatsiya tarkibida “ToshTech” texnika universiteti Ilmiy tadqiqotlar markazi rahbari, professor Jasurjon Axatov 2026-yil 14–17-oktabr kunlari Malayziyada bo‘lib o‘tayotgan Selangor International Business Summit 2026, jumladan, Selangor AI & Semiconductor Summit tadbirlarida ishtirok etmoqda. Tashrif doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinishi rejalashtirilgan: — Yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika sohasida O‘zbekiston–Malayziya hamkorligini kengaytirish; — Malakali kadrlar tayyorlash va xalqaro amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish; — Fabless (IC Design) va OSAT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish; — Sanoat zonalari va texnoparklarni rivojlantirish bo‘yicha Malayziya tajribasini o‘rganish. Shuningdek, tashrif davomida “ToshTech” texnika universiteti hamda Malayziyaning ASEM Academy va Great Asic kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumlarini (MoU) imzolash rejalashtirilgan. Mazkur tashrif universitetning xalqaro ilmiy-texnik hamkorligini kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar va sanoat tajribasini ta’lim hamda ilmiy tadqiqot jarayonlariga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
“First Global Challenge - 2026” xalqaro robototexnika musobaqasi gʻoliblari taqdirlandi
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida 7–10-oktyabr kunlari oʻtkazilgan “First Global Challenge - 2026” xalqaro robototexnika musobaqasida Oʻzbekiston terma jamoasi 3 ta oltin medalni qoʻlga kiritib, 16 ta oʻyinning barchasida gʻalaba qozondi va 637 ball bilan musobaqa rekordini oʻrnatdi. Ushbu natija bilan vakillarimiz qariyb 190 mamlakat yoshlarini birlashtirgan nufuzli musobaqada mamlakatimizning ilm-fan, muhandislik va texnologiyalar sohasidagi salohiyatini namoyon etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Robototexnika boʻyicha xalqaro musobaqa gʻoliblari va ularning murabbiylarini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmonni (https://president.uz/oz/lists/view/9710) imzoladi va shu kuni “Inno” innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida xalqaro musobaqa gʻoliblari va ularning murabbiylarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevlar ishtirok etib, musobaqa gʻoliblari va ularning murabbiylariga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdilar. Erkinjon Turdimov oʻz nutqida yoshlarning ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi yutuqlari mamlakat kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.