Tashkent Tech universitetida Ochiq eshiklar kuni boʻlib oʻtdi
20-dekabr kuni Toshkent Texnika Universitetida (Tashkent Tech University) Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi. Unda 300 dan ortiq ishtirokchi — abituriyentlar, akademik litseylar, texnikumlar va umumta’lim maktablari o‘quvchilari, shuningdek, ularning ota-onalari qatnashdi. Tadbir universitet, uning infratuzilmasi, ta’lim dasturlari va professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan yaqindan tanishish uchun muhim platformaga aylandi. Ochiq eshiklar kuni doirasida universitetning rasmiy taqdimoti o‘tkazilib, unda Tashkent Tech universitetining missiyasi, strategik maqsadlari hamda mamlakatda texnik ta’limni rivojlantirishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, ACWA Power hamda xalqaro konsalting kompaniyasi Boston Consulting Group (BCG) vakillarining chiqishlari abituriyentlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular muhandislik kadrlariga bo‘lgan talabning ortib borayotgani hamda ta’limning iqtisodiyot tarmoqlari bilan uzviy bog‘liqligi muhimligini ta’kidladilar. Tadbir doirasida abituriyentlar uchun maxsus Foundation dasturi (tayyorlov kursi) ham taqdim etildi. Mazkur dastur bo‘lajak talabalarga universitetdagi ta’lim formatiga moslashish, asosiy fanlar bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash va mutaxassislik tanlash bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi. Ishtirokchilarning ko‘pligi ushbu dasturga bo‘lgan qiziqish va ehtiyoj yuqori ekanligini ko‘rsatdi. Tadbir kuni Foundation dasturi doirasida birinchi tanishtiruv darsi ham o‘tkazildi. Unda ishtirokchilarga ta’lim jarayonining formati, talablar hamda bakalavriat ta’lim dasturlariga qabul imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Bu bo‘lajak talabalarga universitet muhitini va ta’lim berish darajasini amaliy tarzda his qilish imkonini berdi. Toshkent Texnika Universitetida o‘tkazilgan Ochiq eshiklar kuni yoshlarning texnik ta’limga bo‘lgan katta qiziqishini namoyish etdi hamda universitetning zamonaviy, istiqbolli va jadal rivojlanayotgan, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga yo‘naltirilgan ta’lim muassasasi sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqladi.
Tashkent Tech bepul Foundation dasturi uchun ilk kirish testini oʻtkazdi
29–30-noyabr kunlari Toshkent Texnologiyalar Universitetida (Tashkent Tech) 11-sinf o‘quvchilari uchun matematika va fizika fanlaridan bepul tayyorlov dasturi — **Foundation** dasturida ishtirok etish uchun saralash testi o‘tkazildi. Mazkur tashabbus o‘quvchilarning muhim STEM fanlari bo‘yicha asosiy bilimlarini mustahkamlash hamda ularni universitetdagi ta’limga puxta va ishonchli tayyorlashga qaratilgan. Saralash testida **200 dan ortiq nomzod** ishtirok etib, dasturga bo‘lgan katta qiziqishini va imkon qadar tezroq o‘qishni boshlash istagini namoyon etdi. Foundation dasturi o‘zbek va rus tillarida olib boriladi, bu esa mamlakatning turli hududlaridan bo‘lgan yuqori motivatsiyaga ega o‘quvchilar uchun dasturdan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Kursning o‘quv materiallari va tuzilmasi Germaniyaning **Constructor University** universiteti tomonidan ishlab chiqilgan. Mazkur xalqaro universitet STEM dasturlarini ishlab chiqish va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega. Dastur zamonaviy o‘qitish metodikalarini, amaliy mashg‘ulotlarni hamda muhandislik tafakkurini rivojlantirishga alohida e’tiborni o‘zida mujassam etadi. **Tashkent Tech rektori Adham Xudoyqulov** dastur ishga tushirilishining universitet missiyasidagi strategik ahamiyatini ta’kidladi: “**Tashkent Tech** kelgusi 5, 10 va hatto 15 yil ichida talab yuqori bo‘ladigan kasblar uchun yangi avlod muhandislarini tayyorlashga intiladi. O‘quvchilar STEM yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli tayyorgarlikni qanchalik erta boshlasalar, universitet darajasidagi o‘quv jarayoniga moslashishlari va kelajakdagi kasbiy yo‘nalishlari bo‘yicha asoslangan qarorlar qabul qilishlari shunchalik oson bo‘ladi. Foundation dasturi bu yo‘ldagi ilk qadamdir va o‘quvchilarning bunday katta qiziqish bildirayotganidan mamnunmiz”, — dedi u. **Constructor University Talant dasturlari direktori Olga Kornienko** texnik fanlarni erta o‘zlashtirish va kasbga yo‘naltirishning muhimligini ta’kidladi: “Maktab o‘quvchilarida STEM fanlariga qiziqishni shakllantirish orqali ularning kelajakda muhandislik va texnologiyalar sohasida muvaffaqiyat qozonishi uchun mustahkam poydevor yaratamiz. Tashkent Tech bilan hamkorlik qilish va O‘zbekistonda STEM ta’limini rivojlantirishga hissa qo‘shishdan mamnunmiz”, — dedi u. Foundation dasturining tashkil etilishi **Tashkent Tech** universitetining O‘zbekistonda kelajakdagi texnologik iqtisodiyot ehtiyojlariga javob beradigan zamonaviy muhandislik ta’limi ekotizimini yaratish missiyasini aks ettiradi. Milliy va xalqaro mehnat bozori tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, STEM yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli tayyorgarlik qanchalik erta boshlansa, o‘quvchilarning muhandislik dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlashi, innovatsion loyihalarda ishtirok etishi va yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yuritish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Foundation dasturining ishga tushirilishi **Tashkent Tech** rivojidagi muhim bosqich bo‘lib, kelgusi o‘n yilliklarda mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan texnik yo‘nalishlarga talabalarning uzoq muddatli qiziqishini shakllantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
2025/2026-oʻquv yili qabuli doirasida suhbatlar tashkil etildi
O‘zbekiston poytaxtida yangi zamonaviy texnika universiteti — **TASHKENT TECH** tashkil etiladi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari yordamchisi Saida Mirziyoyeva tashabbusi bilan ilgari surilgan. Kecha universitetni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yangi universitet O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi doirasida Toshkent davlat texnika universiteti negizida tashkil etilib, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim tarkibiy qismiga aylanadi. Uning asosiy maqsadi yangi avlod muhandislarini tayyorlash hamda yoshlar orasida texnik mutaxassisliklarning jozibadorligini oshirishdan iborat. **TASHKENT TECH** konsepsiyasi xalqaro konsalting kompaniyasi **Boston Consulting Group (BCG)** bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Mazkur hamkorlik ta’lim jarayoniga ilg‘or xalqaro standartlar, innovatsion o‘qitish metodlari va samarali boshqaruv modellarini joriy etishga xizmat qiladi. “Bizning strategik maqsadimiz — jahon standartlariga javob beradigan yangi formatdagi texnika universitetini yaratish. Ishonchim komilki, **TASHKENT TECH** shunchaki universitet emas, balki O‘zbekistonning texnologik mustaqilligi va barqaror sanoat rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi”, — deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva. **TASHKENT TECH** yuqori malakali texnik mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi ta’lim muassasasiga, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish platformasiga hamda mamlakatning muhandislik salohiyatini rivojlantirishning muhim tarkibiy qismiga aylanishi kutilmoqda.
ToshTech universitetining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
2026-yil 26-yanvar kuni “ToshTech” Universitetining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari O.R. Fozilkarimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi Ijrochi direktori G.S. Ismailova hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar. Shuningdek, marosimda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zenergoinjiniring” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbek metallurgiya kombinati” AJ va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ rahbarlari ham qatnashdilar. Xorijiy hamkorlar, jumladan, Germaniyaning Bremen universiteti va AQShning Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasi vakillari ham tadbirda ishtirok etdilar. Marosim davomida faxriy mehmonlar ramziy qizil lentani kesib, universitet faoliyatiga rasman start berdilar. Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “ToshTech” Texnika universiteti hamda Boston Consulting Group (BCG) o‘rtasida “2026-yil uchun ROADMAP” hujjati imzolandi. Shuningdek, universitet O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi, shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbek metallurgiya kombinati” AJ va “O‘zenergoinjiniring” AJ kabi sanoat korxonalari bilan o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi. Mazkur hamkorlik talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar va stajirovkalarda ishtirok etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda kafolatlangan ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini yaratadi. “ToshTech” shunchaki ta’lim muassasasi emas, balki g‘oyalar yuzaga keladigan, jamoalar shakllanadigan va nazariya innovatsion texnologiyalarga aylantiriladigan muhandislik ekotizimidir. Universitet O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining uzoq muddatli iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilish maqsadida tashkil etilgan.
Tashkent Tech Foundation dasturi kirish testi natijalari eʼlon qilindi
29–30-noyabr kunlari Tashkent Tech universitetida xalqaro darajadagi muhandislik ta’limini olishni istagan abituriyentlar uchun mo‘ljallangan bepul **Foundation** tayyorlov dasturiga kirish imtihonlari o‘tkazildi. Imtihonlar matematika va fizika fanlaridan test sinovlarini o‘z ichiga oldi. Saralash jarayonida nafaqat formulalar va nazariy bilimlarni o‘zlashtirish darajasi, balki ularni amaliy masalalarni yechishda qo‘llay olish, mantiqiy fikrlash, diqqatlilik hamda muhandislik fanlarini o‘zlashtirish salohiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. **Test natijalari e’lon qilindi!** Har bir abituriyent o‘z natijasini quyidagi usullardan biri orqali tekshirishi mumkin: * ID raqamini rasmiy **Telegram bot** orqali kiritish; * abituriyentlar ro‘yxati e’lon qilingan faylni yuklab olish; * yoki call-markazimizga murojaat qilish. Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan barcha abituriyentlarni tabriklaymiz! **Yuqori darajadagi bilimni namoyish etgan abituriyentlar** Siz kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, yuqori akademik natijalarni namoyish etdinigiz. Siz **Tashkent Tech Foundation dasturiga** qabul qilindingiz. Dastur 2026-yil yanvar oyida boshlanadi. Universitet vakillari tez orada siz bilan bog‘lanib, keyingi bosqichlar haqida batafsil ma’lumot beradilar. **Kutish ro‘yxatidagi abituriyentlar uchun** Siz hozirda Foundation dasturida ishtirok etish uchun nomzodlarning kutish ro‘yxatiga kiritilgansiz. Bir hafta ichida universitet xodimlari siz bilan bog‘lanib, keyingi bosqichlar bo‘yicha ma’lumot taqdim etadilar. Barcha ishtirokchilarga tashakkur bildiramiz! Sizning muhandislik ta’limiga bo‘lgan qiziqishingizni qadrlaymiz va bilim olishga bo‘lgan intilish kelajakda O‘zbekiston va butun dunyo taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan texnologiyalarni yaratish yo‘lidagi muhim qadam ekaniga ishonamiz. **Tashkent Tech** har biringizga kelgusidagi faoliyatingizda muvaffaqiyat va yangi yutuqlar tilaydi! [**Natijalar fayli**](https://tashkenttech-edu.uz/uploads/pages/results.pdf)
ToshTech va Shanghai Jiao Tong University hamkorlik memorandumini imzoladi
2026-yil 29-yanvar kuni Toshkent Texnologiyalar Universitetida (**ToshTech**) dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — **Shanghai Jiao Tong University (SJTU)** delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrif yakunida ikki universitet o‘rtasida uzoq muddatli akademik va ilmiy hamkorlik uchun mustahkam asos yaratadigan o‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi. Uchrashuvda ToshTech rektori, **professor Adham Xudoyqulov**, Xalqaro hamkorlik bo‘limi menejerlari **Lola Badalova** va **Nargiza Saatova** ishtirok etdilar. Universitetning strategik hamkori — Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasidan Principal **Pavel Zolotarev** va Expert **Alexey Gusev** ham tadbirda qatnashdilar. SJTU delegatsiyasiga universitet vitse-prezidenti **professor ZHANG Zhaoguo** boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibida **professor WANG Qian** (Global hamkorlik va almashinuv bo‘limi direktorining o‘rinbosari), **LI Yongyuan** va Osiyo masalalari bo‘yicha mutaxassis **CHEN Hailei** ishtirok etdi. Talabalar innovatsiya markazi vakillari sifatida **SONG Xuming**, **CHU Pengzhi** va **FENG Xiao** qatnashdilar. 1896-yilda tashkil etilgan Shanghai Jiao Tong University Xitoyning eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, xalqaro akademik maydonda yuqori obro‘ga ega. Universitetning asosiy xalqaro reytinglardagi yuqori o‘rinlari uning kuchli ilmiy va akademik salohiyatini namoyon etadi: * **Jahonning Top-50 universitetlari:** QS World University Rankings va Times Higher Education (THE) reytinglarida muntazam ravishda dunyoning eng yaxshi 50 ta universiteti qatoridan joy oladi. * **ARWU reytingidagi yuqori natija:** Academic Ranking of World Universities (ARWU) reytingida dunyoda **10-o‘rin**, Biomedical Engineering yo‘nalishida **1-o‘rin** va Engineering yo‘nalishida **2-o‘rin**ni egallaydi. * **Texnologik mukammallik:** Robototexnika, sun’iy intellekt va kompyuter fanlari bo‘yicha dasturlari o‘z yo‘nalishlarida ilg‘or dasturlar sifatida xalqaro muhandislik hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan. Yuqori darajadagi muzokaralar davomida tomonlar kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar: * **Akademik mobillik:** talabalar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish. * **Qo‘shma daraja dasturlari:** talabalarga har ikki universitetning akademik imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beruvchi **“2+2” qo‘shma diplom dasturlarini** amalga oshirish. * **Talabalarni rivojlantirish:** xalqaro yozgi maktablar, stajirovkalar va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish. * **Ilmiy tadqiqot va professor-o‘qituvchilar almashinuvi:** professorlarni hamkor universitetlarda qo‘shma ta’lim va ilmiy tadqiqot faoliyatiga jalb etish. * **Xalqaro akademik tadbirlar:** qo‘shma konferensiyalar, tanlovlar va simpoziumlar o‘tkazish. * **Xalqaro ekspertlarni jalb etish:** o‘quv dasturlarini takomillashtirish maqsadida xalqaro o‘qituvchilar va yuqori malakali ekspertlarni jalb qilish. Uchrashuv yakunida an’anaviy tarzda esdalik sovg‘alari almashildi. Har ikki tomon rahbariyati O‘zbekiston va Xitoyda muhandislik ta’limi hamda ilmiy innovatsiyalar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan **barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni** yo‘lga qo‘yishga qat’iy sodiqligini bildirdi.
Prezident ToshTech universitetini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent shahrida ToshTech texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Yangi universitet moliyaviy, akademik va tashkiliy mustaqillikka ega boʻladi.Universitetda tayyorlov kurslari, bakalavriat yoʻnalishlari, 2027-yildan esa magistratura va oliy taʼlimdan keyingi bosqichlar yoʻlga qoʻyiladi. Taʼlim grant va kontrakt asosida, oʻzbek hamda xorijiy tillarda olib boriladi.2029/2030-oʻquv yiligacha qabul qilingan talabalar davlat granti bilan taʼminlanadi.
Adham Xudoyqulov ToshTech universiteti rektori etib tayinlandi
**Adham Xudoyqulov Tash Tech texnika universiteti rektori etib tayinlandi** O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, Adham Xudoyqulov Tash Tech texnika universiteti rektori etib tayinlandi. Avvalroq davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev uni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi rahbari lavozimidan ozod qilgan edi. Tash Tech universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror 9-sentabr kuni qabul qilingan. Universitet moliyaviy, akademik va tashkiliy jihatdan mustaqil faoliyat yuritadi. Tash Tech kelgusi o‘quv yilidan boshlab bakalavriat bosqichiga ilk talabalarni qabul qilishni boshlaydi. Kursiv Uzbekistan nashri xabar berishicha, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi rahbari lavozimiga Baxtiyor Yo‘ldoshev tayinlangan.