Sayt test rejimida ishlaydi
MOODLE SIS

ToshTech texnika universitetida “Tashkent Tech Foundation” tayyorlov kurslarining bitiruvchilari tantanali ravishda taqdirlandi

25.06.2026 kuni ToshTech texnika universitetida “Tashkent Tech Foundation” tayyorlov kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan abituriyentlarning tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Besh oy davomida ToshTech texnika universiteti Constructor Talent School bilan hamkorlikda 11-sinf o‘quvchilari hamda akademik litsey va kollej bitiruvchilari uchun tayyorlov kurslarini tashkil etdi. Dastur doirasida universitet professor-o‘qituvchilari matematika, fizika va ingliz tili fanlaridan darslar olib bordi. Mazkur davr mobaynida 300 nafardan ortiq abituriyent ta’lim oldi. Ularning 140 nafari yakuniy bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib, “Tashkent Tech Foundation” dasturini tamomladi. Tantanali marosimda bitiruvchilarga dasturni yakunlaganliklarini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, tayyorlov kurslarini yuqori natijalar bilan tamomlagan va ToshTech texnika universitetining bakalavriat ta’lim dasturlariga avtomatik ravishda qabul qilingan 27 nafar abituriyent tantanali ravishda taqdirlandi. Marosimni universitet rektori vazifasini bajaruvchi Farangis Yusupiy ochib berdi. U dastur yakunlari haqida so‘z yuritib, bitiruvchilarni samimiy tabrikladi hamda ularga kelgusidagi ta’lim va faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Tadbirda Boston Consulting Group’ning (BCG) O‘zbekistondagi ijrochi direktori Igor Alekseyev ham so‘zga chiqib, bitiruvchilarga ezgu tilaklar bildirdi va universitet bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi. BCG vakili Pavel Zolotorev “Tashkent Tech” loyihasining yoshlar salohiyatini rivojlantirishdagi muhim o‘rnini alohida qayd etdi. Hamkor universitet – Constructor University vakili Vladimir Sharich esa ToshTech bilan birgalikda amalga oshirilgan loyiha natijalarini yuqori baholab, xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi va bitiruvchilarga omad tiladi. ToshTech texnika universiteti barcha bitiruvchilarni “Tashkent Tech Foundation” dasturini muvaffaqiyatli tamomlagani bilan chin dildan tabriklaydi va ularga yangi zafarlar, yuksak marralar hamda porloq kelajak tilaydi!

6 iyul 2026

217

ToshTech texnika universitetida qabul imtihonlarining birinchi mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi!

Universitetimizga hujjatlar qabulining birinchi oqimi 5-iyundan 25-iyungacha davom etdi. Ushbu davr mobaynida qariyb 2 000 nafar abituriyent o‘z arizalarini topshirdi. 28–29-iyun kunlari “Respublika Kelajak Markazi” sport majmuasida qabul imtihonlari yuqori tashkiliy saviyada bo‘lib o‘tdi. Jarayon xalqaro hamkorimiz Constructor University hamda Davlat test markazi hamkorligida tashkil etildi. Imtihonlarning ochilish marosimida universitetimizning taklif etilgan faxriy professori janob Tsironis ishtirok etib, barcha abituriyentlarga omad va muvaffaqiyat tiladi. Tashkent Tech universiteti barcha abituriyentlarga bildirilgan ishonch, intilish va sarflangan mehnat uchun samimiy minnatdorchilik bildiradi. Barchangizga kelgusi ta’lim yo‘lingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!

6 iyul 2026

172

ToshTech texnika universitetida Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi

Tadbir davomida abituriyentlar va ularning ota-onalari universitet faoliyati, ta’lim dasturlari, qabul jarayoni hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Shuningdek, Boston Consulting Group (BCG) vakili Pavel Zolotaryov hamkorlik istiqbollari haqida ma’lumot berdi. Tadbir ochiq muloqot shaklida yakunlanib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Barcha mehmonlarimizga tashrif uchun minnatdorchilik bildiramiz va sizlarni ToshTech talabalari safida ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz!

23 iyun 2026

133

Tosh Tech texnika universitetida Foundation tayyorlov kursi tinglovchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

Tosh Tech texnika universitetida Foundation tayyorlov kurslari direktori ishtirokida tayyorlov kursi tinglovchilari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida tinglovchilarga universitetda yaratilgan ta’lim imkoniyatlari, Foundation dasturining mazmuni hamda ushbu dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan talabgorlar uchun universitetga qabul jarayonida taqdim etiladigan imkoniyat va afzalliklar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Foundation tayyorlov kurslari tinglovchilari uchun yakuniy nazorat ishlarini o‘tkazish sanalari e’lon qilinib, sinovlarning o‘tkazilish tartibi va baholash mezonlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Tadbir doirasida Foundation tayyorlov markazi rahbari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, ta’lim jarayoni, yakuniy baholash hamda universitetga qabul masalalari bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Mazkur uchrashuvlar tinglovchilarni Tosh Tech texnika universitetining akademik muhiti va ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, ularning kelgusidagi ta’lim yo‘nalishini to‘g‘ri belgilashga ko‘maklashishga xizmat qiladi

10 iyun 2026

165

Toshkent Tech Universiteti jamoasi Jizzax viloyatidagi iqtidorli yoshlar bilan uchrashdi

Oʻzbekistonda zamonaviy muhandis kadrlar salohiyatini oshirish hamda yoshlarni sifatli oliy taʼlimga keng jalb etish maqsadida Toshkent Tech Universiteti vakillari Jizzax viloyatida targʻibot va taqdimot tadbirlarini oʻtkazdi. Tashrif davomida universitet jamoasi Jizzax shahridagi Prezident maktabi hamda bir qator yirik oʻquv markazlarida boʻlib, oʻquvchilar, abituriyentlar va taʼlim muassasalari rahbariyati bilan uchrashuvlar tashkil etdi. Uchrashuvlarda universitetning taʼlim yoʻnalishlari, zamonaviy oʻquv dasturlari, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari, grant va stipendiyalar, shuningdek, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, universitetga qabul jarayoni, taʼlim sifati va talabalar hayotiga oid savollarga javoblar berildi. Tashrif doirasida oʻquv markazlari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar tashkil etilib, yoshlarni muhandislik va texnologiyalar sohasiga yoʻnaltirish, istiqbolli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur tashrif Toshkent Tech Universitetining hududlardagi yoshlarni zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish, ularning oliy taʼlimga boʻlgan qiziqishini oshirish hamda mamlakatimiz uchun malakali muhandis kadrlar tayyorlash borasidagi tizimli faoliyatining navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.

4 iyun 2026

145

Tashkent Tech Model United Nations

31-may kuni “Tashkent University of Technology”da “Tashkent Tech Model United Nations” (TTMUN) tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur yirik ta’lim loyihasi 200 nafardan ortiq delegatlarni birlashtirdi. Tadbirda mahalliy ishtirokchilar bilan bir qatorda xorijiy delegatlar ham faol qatnashdilar. Ishtirokchilar turli davlatlar vakillari rolida faoliyat yuritib, texnologiyalar, muhandislik, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik sohalaridagi dolzarb global masalalarni muhokama qildilar. Tadbir yoshlarni jamoatchilik va xalqaro kun tartibidagi muhim masalalarga jalb etish, ularda diplomatiya, yetakchilik hamda muzokara olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. Konferensiya yakunlariga ko‘ra, eng faol va munosib ishtirokchilar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar: 🏆 Best Delegate 🎤 Best Speaker 📄 Best Position Paper Tadbirning muvaffaqiyatli o‘tishiga hissa qo‘shgan barcha ishtirokchilar, tashkilotchilar va mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Shuningdek, “Tashkent University of Technology”ning navbatdagi loyihalarida yana uchrashishga umid qilamiz.

2 iyun 2026

195

28-aprel kuni Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivaliga rasmiy start berildi.

28-aprel kuni Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivaliga rasmiy start berildi. Tadbir O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va Tojikistondan kelgan yosh muhandislar va ixtirochilarni bir maydonga jamlab, innovatsion g‘oyalar almashinuvi va hamkorlik uchun muhim platformaga aylandi. 🇺🇿🇷🇺🇰🇬🇨🇳🇹🇯 Ochilish marosimida xalqaro mehmonlar va yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi. Jumladan, “Tashkent University of Technology” rektori Adxam Xudaykulov muhandislik ta’limini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishning ahamiyatini ta’kidlab nutq berdi. Tadbirda shuningdek, nufuzli xalqaro mehmonlar — Serge Haroche (Nobel mukofoti laureati), Moez Chakchouk va Oliver Tian ishtirok etib, muhandislik ta’limining global ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Festivalning eng muhim natijalaridan biri — Markaziy Osiyo va Rossiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida Mintaqaviy akademik muhandislik maktablari konsorsiumining tashkil etilishi bo‘ldi. Ushbu tashabbus akademik hamkorlik, ilmiy tadqiqotlar va talabalar almashinuvini rivojlantirishga xizmat qiladi. Festival doirasida 9 ta yo‘nalish va 23 ta kichik yo‘nalish bo‘yicha musobaqalar, xalqaro olimpiadalar, innovatsion ko‘rgazmalar, forumlar va hakatonlar o‘tkazilmoqda . Ushbu festival O‘zbekistonning muhandislik va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlovchi yirik platforma sifatida ahamiyat kasb etadi.

29 aprel 2026

162

Endi Tаshkent Tech’da o‘qib dunyoning TOP-40 taligiga kiruvchi Shanghai Jiao Tong University diplomini ham olish imkoniyati mavjud!

Endi Tаshkent Tech’da o‘qib dunyoning TOP-40 taligiga kiruvchi Shanghai Jiao Tong University diplomini ham olish imkoniyati mavjud! Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida Tashkent Tech rektori Xudaykulov Adxam Yusupovich hamda Boston Consulting Group (BCG) ekspertlari ishtirokida Shanghai Jiao Tong University (SJTU) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tashkent University of Technology va SJTU o‘rtasida amalga oshirilayotgan 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi doirasida talabalar dastlabki ikki yilni Toshkentda, keyingi ikki yilni Shanxayda davom ettirish imkoniga ega bo‘ladilar. Dastur xalqaro standartlarga mos ta’lim, ilg‘or laboratoriyalar, zamonaviy infratuzilma hamda dunyo darajasidagi professorlar bilan ishlash imkoniyatini taqdim etadi. Bu — nafaqat diplom, balki global tajriba, yangi imkoniyatlar va xalqaro karyera sari mustahkam qadamdir. 📞+998 77 288 82 82 📞+998 77 718 82 82 🌐 tashkenttech-edu.uz

16 aprel 2026

200

Joriy yilning 3 aprel kuni Siradjev Ilxom Toxirovich Toshkent Texnologiyalar Universitetiga tashrif buyurdi

Joriy yilning 3 aprel kuni Siradjev Ilxom Toxirovich Toshkent Texnologiyalar Universitetiga tashrif buyurdi. Tadbirda Salomov Uktam Rahimovich va “Boston Consulting Group” vakillari ham ishtirok etdi. Rektor Xudaykulov Adxam Yusupovich universitet imkoniyatlari va xalqaro hamkorliklar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, universitetni rivojlantirish strategiyasi, yangi kampus loyihasi va Foundation dasturi natijalari taqdim etildi. Uchrashuv davomida ta’lim sifatini oshirish va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

3 aprel 2026

174

TT bilan aloqada bo‘ling

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Universitet yangiliklari, kampus hayoti va bizni birlashtiradigan lahzalar. Qayerda bo‘lsangiz ham, biz bilan birga bo‘ling.